Joriy yilning 3–7 iyul kunlari, Xitoy Xalq Respublikasining Chongqing shahri Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar kinofestivaliga mezbonlik qilmoqda. Kecha ushbu kinofestivalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
🇺🇿 O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu nufuzli tadbirda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev boshchiligida ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibidan kinoijodkorlar, prodyuserlar hamda agentlik vakillari o‘rin olgan.
O‘zbekiston festivalda 5 ta film bilan ishtirok etmoqda. Jumladan: Tanlov dasturida: “Bahorni quvib” (badiiy film), “Uzum” (qisqa metrajli film), Tanlovdan tashqari namoyishlarda: “Uyga qaytish”,
“Urush hali tugamadi”, “Aktrisa”.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Shuhrat Rizayev SHHT doirasidagi kinofestivalning ahamiyati, davlatlararo madaniy hamkorlikning mustahkamlanishi, shuningdek, kino sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Festival hakamlar hay’ati tarkibida O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov ham ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida ijodiy uchrashuvlar, film namoyishlari hamda yangi tashabbuslarning taqdimoti rejalashtirilgan.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati