O‘zbekiston Kino sanʼati muzeyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining bir guruh kursantlari tashrif buyurib, o‘zbek kino sanʼatining boy tarixi bilan tanishdilar.
Ekskursiya davomida kursantlar “Mustaqillik davri kino sanʼati”, “Yangi kino sanʼatida jonlangan tarix”, “Toshkent xalqaro kinofestivali”, “Oʻzbek milliy kino sanʼatining olamshumul yutuqlari”, “Oʻzbek kino sanʼatining unutilmas siymolari”, “Yangi Oʻzbekistonning kino ijodkorlari” kabi bo‘limlarni tomosha qildilar. Ushbu ekspozitsiyalar orqali ular milliy kino sanʼatining rivojlanish bosqichlari, mashhur filmlar va kinoijodkorlar haqida qimmatli maʼlumotlarga ega bo‘ldilar.
Tashrif davomida kursantlarni muzeyning yetakchi mutaxassisi Mukarram Atabekova tanishtirib, har bir burchak haqida batafsil tushuntirish berdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, milliy kino sanʼati haqida yanada chuqurroq tasavvur hosil qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, muzeyga kirish va ekspozitsiyalarni tomosha qilish mutlaqo bepul! Kino sanʼatining bebaho merosi bilan tanishish imkoniyatidan foydalaning!
O‘zbek kinosi tarixining yorqin sahifalarini kashf etish uchun ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy bermang!